Kengash o‘tkazgan onlayn “Zakovat” viktorinasi yakunlanib, g‘oliblar aniqlandi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy Kengashi tashkil etgan onlayn “Zakovat” viktorinasining final bosqichi 2026-yil 5-mart kuni o‘tkazildi va uch nafar g‘olib aniqlandi.

Ma’lumot uchun, “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish chora-tadbirlari Prezidentning 2022-yil 20-yanvardagi PQ-96-son qarori bilan belgilangan. Qarorga muvofiq oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlarida hamda hududiy Yoshlar markazlarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, respublika bosqichi g‘oliblari bo‘lgan talabalarga esa 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab “Zakovat” stipendiyasi to‘lanadi.
Kengash tashkil etgan onlayn viktorina “Poytaxt yoshlari” Telegram kanalida o‘tkazildi. Kanalda har kuni bittadan savol e’lon qilinib, har bir savolga birinchi bo‘lib to‘g‘ri javob yo‘llagan ishtirokchilar bosqichma-bosqich saralab olindi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Final bosqichi 2026-yil 5-mart kuni o‘tkazildi, unda 50 nafar bilimdon kuch sinashdi. Final bahslari 20 ta savoldan iborat bo‘ldi.
Yakunda birinchi o‘rinni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Toshpo‘latov Javlonbek Jamshid o‘g‘li egalladi. Ikkinchi o‘rin Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Qahhorova Mahfurat Qahramon qiziga, uchinchi o‘rin esa Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Alijonov Ergashboy Ilhomjon o‘g‘liga nasib etdi.



