Kengash qishki ta’tilda “Zakovat” viktorinasini onlayn o‘tkazadi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy Kengashi qishki ta’til kunlarida “Zakovat” viktorinasini e’lon qildi. Bellashuv 7-yanvar kuni soat 15:00 da “Poytaxt yoshlari” Telegram kanalida boshlanadi.

Ma’lumot uchun, “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish chora-tadbirlari Prezidentning 2022-yil 20-yanvardagi PQ-96-son qarori bilan belgilangan. O‘sha hujjatga muvofiq oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlarida hamda hududiy Yoshlar markazlarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, respublika bosqichida g‘olib chiqqan talabalarga esa 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab “Zakovat” stipendiyasi to‘lab kelinmoqda.
Kengash e’lon qilgan viktorina onlayn tarzda, bevosita “Poytaxt yoshlari” Telegram kanali orqali o‘tkaziladi. Savollarga to‘g‘ri javob bergan ishtirokchi final bosqichiga yo‘llanma oladi.
Bellashuv qishki ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida uyushtirilmoqda. Final g‘oliblari uchun sovg‘alar belgilangan, kanal manzili — https://t.me/poytaxtyoshlari_yi.



