Arxitektura-qurilish universiteti Yoshlar yetakchisi Shoxruh Mirzaxmedov nishon sohibi bo‘ldi
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Yoshlar yetakchisi Mirzaxmedov Shoxruh Anvarovich “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, bu ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-son qarori bilan ta’sis etilgan, nizomi esa Vazirlar Mahkamasining o‘sha yil 2-oktabrdagi 786-son qarori bilan tasdiqlangan. U innovatsion g‘oya va texnologiyalarni rivojlantirish hamda amaliyotga tatbiq etishga hissa qo‘shgan yosh olimlar, talabalar va tashabbuskor fuqarolarga beriladi.
Nomzodlar hududiy komissiyalar orqali saralanadi, oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining hujjatlari ilmiy kengash qarori bilan tasdiqlanib yuboriladi. Yakuniy qarorni Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qo‘shma ravishda qabul qiladi. Nishon bir marta topshiriladi, u bilan birga guvohnoma va bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
Shoxruh Mirzaxmedov universitetdagi boshlang‘ich tashkilotga yetakchilik qilib, talaba-yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faollikni oshirish va innovatsion g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda.



