“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Zakovat” o‘yini g‘oliblari pul mukofoti bilan taqdirlandi
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetidagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti 2026-yil 25-aprel kuni talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinini o‘tkazdi. Sovrinli o‘rinlar uchun da’vogarlik qilgan on uch jamoa pul mukofoti bilan taqdirlandi.
1 / 6“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetidagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti 2026-yil 25-aprel kuni talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinini tashkil etdi. Bellashuvda universitetning kuchli jamoalari bilim, mantiqiy fikrlash va jamoaviy harakat bo‘yicha o‘zaro kuch sinadi.
Ma’lumot uchun, “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish chora-tadbirlari Prezidentning 2022-yil 20-yanvardagi PQ-96-son qarori bilan belgilangan. Qarorga muvofiq oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlarida hamda hududiy Yoshlar markazlarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, respublika bosqichi g‘oliblari bo‘lgan talabalarga esa 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab “Zakovat” stipendiyasi to‘lanadi.
O‘yin yakunida universitet rektori Baxodir Suyunovich tashabbusi bilan sovrinli o‘rinlar uchun da’vogarlik qilgan barcha jamoalarni rag‘batlantirish belgilandi. Natijalar quyidagicha bo‘ldi:
- 1-o‘rin, 5 million so‘mdan pul mukofoti — “Homeless”, “Fight Club”, “Temuriylar” va “ABC” jamoalari;
- 2-o‘rin, 4 million so‘mdan pul mukofoti — “Without phones”, “Turkiston”, “UZB Power”, “Finanomix”, “Algoritim” va “Paradoks” jamoalari;
- 3-o‘rin, 3 million so‘mdan pul mukofoti — “Nuqta yo‘q”, “Matritsa” va “404” jamoalari.








